BOLALARDA QALQONSIMON BEZ FUNKSIONAL FAOLIYATINING O‘ZGARISHLARIGA XOS NUR- ANATOMIK JIHATLARI
Shodiyeva Munojaat Narziqul qiziUshbu ilmiy tadqiqot bolalarda qalqonsimon bez (QSB) funksional faolligining o‘zgarishlariga xos nur-anatomik xususiyatlarni o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda 5 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 120 nafar bola ishtirok etdi. Ular orasida 60 nafari klinik jihatdan sog‘lom bolalar (nazorat guruhi), 60 nafari esa qalqonsimon bez faoliyatida turli darajadagi o‘zgarishlarga ega bo‘lgan (eksperimental guruh) bolalar edi. Tadqiqotda ultratovush tekshiruvi, laborator gormonal tahlillar (TSH, T₃, T₄) hamda klinik ko‘rsatkichlar asosida qalqonsimon bezning strukturaviy va funksional o‘zgarishlari tahlil qilindi. Shuningdek, nur diagnostik usullarining (ultratovush, Dopplerografiya) aniqligi va ularning natijalarini immuno-gormonal ko‘rsatkichlar bilan taqqoslash orqali bez faoliyati darajasi aniqlangan. Olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, qalqonsimon bez faoliyatining o‘zgarishlari bolalar yoshiga, jinsiga va umumiy gormonal foniga bevosita bog‘liqdir. 5–10 yoshli bolalarda qalqonsimon bez hajmining o‘zgarishi asosan funksional moslashuv xarakterida bo‘lsa, 11–16 yosh oralig‘ida esa gormonal nomutanosiblik bilan bog‘liq morfologik o‘zgarishlar ustunlik qilgan. Tadqiqot natijalari bolalarda endokrin tizimdagi o‘zgarishlarni erta bosqichda aniqlash, nur diagnostikasi orqali ularning dinamikasini baholash hamda individual davolash strategiyasini tanlashda muhim ahamiyat kasb etadi.